Ukrainada COVID-19 sababli niqob rejimi qayta joriy etildi
Mamlakatda so‘nggi bir hafta ichida COVID-19 bilan kasallanish ikki barobardan ko‘proq oshgan.

Ukrainaning bir nechta shaharlarida COVID-19 infeksiyasi tarqalishi fonida tibbiyot muassasalarida niqob rejimi qayta joriy etildi.
Mahalliy axborot vositalarining xabar berishicha, Ivano-Frankivsk markaziy shahar klinik shifoxonasida barcha tashrif buyuruvchilar va tibbiyot xodimlari uchun niqob taqish majburiy etib belgilandi. Avvalroq shunday choralar Rivne va Odessa viloyatlaridagi shifoxonalarda ham tatbiq qilingandi.
Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazining 2025-yil 25-avgustdagi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha COVID-19 bilan kasallanish ko‘rsatkichlari bir hafta ichida ikki barobardan ko‘proq oshdi. Faqat Kiyev shahrining o‘zida 1121 ta yangi holat qayd etilgan.
Mutaxassislar hozirgi vaziyat mavsumiy faollik va ehtiyot choralari bo‘yicha sustkashlik bilan izohlanayotganini qayd etmoqda. Shu munosabat bilan sog‘liqni saqlash muassasalarida himoya choralarini kuchaytirish, jumladan niqob rejimini joriy etish zarur bo‘lib qolmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga quyidagilarni qat’iy tavsiya qilmoqda:
jamoat joylarida niqob taqish,
odam gavjum tadbirlarda ijtimoiy masofa saqlash,
qo‘l yuvish va gigiyena qoidalariga rioya qilish,
COVID-19 belgilari kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilish.







