Jizzaxda otasi shavqatsizlarcha kaltaklagan bolalar himoyaga olindi
Otaga jinoyat ishi qo’zg’atildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ota tomonidan ikki nafar voyaga yetmagan farzandiga nisbatan zo‘ravonlik qilinayotgani aks etgan videotasvirlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Sharof Rashidov tumani IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda gumon qilinuvchining xatti-harakatlariga huquqiy baho berish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Voyaga yetmagan ikki nafar bola esa ichki ishlar organlari huzuridagi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan.
Bolalar ombudsmanining Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili va mutasaddi tashkilotlar tomonidan holat o‘rganilmoqda. Aniqlanishicha, zo‘ravonlik oilaviy nizo oqibatida sodir etilgan.
Bolalarning xavfsizligini ta’minlash, ularga zarur psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida ichki ishlar organlari va Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy “Inson” markazi mutaxassislari tomonidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani kuzatuvni davom ettirmoqda. Bu borada qo‘shimcha axborot berilishi belgilangan.







