Rossiyada o‘zbekistonlik fuqaro “qul” deb haqoratlandi
O‘zbekiston TIV Rossiyadagi fuqarolar davlat himoyasida ekanini eslatdi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqda Rossiyada o‘zbekistonlik haydovchi haqoratlangani, mahalliy fuqaro uni “qulsan” deb atagani aks etgan video tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Holatga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi munosabat bildirib, fuqarolar davlat himoyasida ekanini yana bir bor eslatdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Konstitutsiyasi, milliy qonunlar va xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari hamda normalariga asosan, O‘zbekiston fuqarolari dunyoning istalgan nuqtasida bo‘lishidan qatʼiy nazar, davlat himoyasida ekanini taʼkidlaydi.
Agar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari yoki qadr-qimmati xorijda buzilsa, ular darhol qabul qiluvchi davlatning vakolatli huquq-tartibot organlariga murojaat qilishlari zarur. Shuningdek, fuqarolar O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalariga huquqiy va konsullik yordami so‘rab murojaat qilishi mumkin.
Fuqarolarimizni xorijda himoya qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi ekanini hamda bu masʼuliyat davlatning o‘z fuqarolari oldidagi majburiyatlari asosida amalga oshirilishini yana bir bor eslatib taʼkidlaymiz”, deyiladi munosabatda.







