Rossiyada o‘zbekistonlik va tojikistonlik migrantlar o‘rtasida mushtlashuv yuz berdi
Politsiya reyd davomida jami 30 nafar migrantni qo'lga olgan.

Rossiyaning Leningrad viloyatida O‘zbekistonlik muhojirlar bilan janjallashgan uch nafar Tojikiston fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligining Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyati bo‘yicha departamenti ma’lum qildi.
Politsiya xabariga ko‘ra, voqea 26-avgust kuni Vsevolojsk tumanining Yanino-1 qishlog‘idagi Gollandskaya ko‘chasida qurilish maydonida sodir bo‘lgan. Hodisa yuzasidan o‘tkazilgan reyd chog‘ida O‘zbekiston va Tojikistondan kelgan jami 30 nafar migrant ichki ishlar organlariga olib ketildi.
Tergov doirasida aniqlanishicha, mojaro boshlanishiga sabab bo‘lgan 22–26 yosh oralig‘idagi uch nafar Tojikiston fuqarosi qo‘lga olinib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 213-moddasi (Bezorilik) bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, 14 nafar Tojikiston va 9 nafar O‘zbekiston fuqarosi mayda bezorilik uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Tekshiruv jarayonida Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan bir o‘zbekistonlik migrant aniqlanib, uni deportatsiya qilish maqsadida vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirildi.








