2030-yilgacha barcha shaharlarda “yashil shahar” standartlari joriy qilinadi
O‘zbekiston barqaror energiya va ekologik xavfsizlik yo‘lida katta qadam tashlamoqda.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida mamlakatimiz iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgani, aholining ko‘payishi bilan birga xavfsiz va barqaror energiya manbalariga ehtiyoj ortib borayotganini ta’kidladi.
So‘nggi sakkiz yil davomida iste’molchilar soni 25 foizga, ya’ni 1,6 milliontaga, energiya iste’moli esa 54 foizga yoki qo‘shimcha 25 milliard kilovatt-soatga oshgani qayd etildi. Shu bois “yashil” energiya ulushini oshirish borasida misli ko‘rilmagan qadamlar qo‘yildi.
Natijada elektr ishlab chiqarish hajmi 2016-yildagi 59 milliard kilovatt-soatdan 85 milliard kilovatt-soatga yetdi. Kelgusi yilda bu ko‘rsatkich 97 milliard kilovatt-soatdan oshishi kutilmoqda. Joriy yilning o‘zida 6,5 milliard kilovatt-soat “yashil” energiya ishlab chiqarildi va umumiy generatsiya quvvatlarida uning ulushi 30 foizga yetdi.
Prezident 2030-yilga qadar 35 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobidan “yashil” energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilganini ma’lum qildi. “Tabiatga mehrli munosabat orqali kelajak avlodlarga unumdor yer, musaffo havo va sof suvni meros qoldirish bizning muqaddas burchimizdir”, – dedi davlat rahbari.
Shuningdek, oxirgi sakkiz yilda 31 million kvadrat metrdan ortiq, ya’ni qariyb 12 mingta ko‘p qavatli uy-joy barpo etilgani ta’kidlandi. Joriy yilning o‘zida “Yangi O‘zbekiston” massivlari va boshqa hududlarda 130 ming xonadondan iborat zamonaviy uy-joylar foydalanishga topshirilishi belgilangan.
Prezident 2030-yilga qadar barcha shaharlarda “yashil shahar” standartlari asosida ko‘kalamzorlashtirish darajasini 30 foizga yetkazish, ekologiyaga zararli ta’sirlarni kamaytirish, shuningdek, qishloq va mahallalarda zamonaviy infratuzilma joriy etilishini qayd etdi.







