325 dona qadimiy buyum kontrabandachilardan saqlab qolindi va vaqtincha Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirildi
Qadimiy boyliklarni yashirib olib chiqishga uringan fuqaro “Keles” temir yo‘l postida to‘xtatildi.

O‘zbekiston hududidan yashirincha olib chiqib ketilishi rejalashtirilgan noyob tarixiy boyliklar bojxona xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Keles” temir yo‘l chegara bojxona postida “Toshkent–Novosibirsk” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi yo‘nalishi bo‘yicha tekshiruv davomida fuqaroning qo‘l yuki va sumkalaridan 325 dona qadimiy tangalar, zargarlik buyumlari, artefaktlar, giryalar hamda kamon o‘qi uchlari aniqlandi. Ushbu buyumlar bojxona nazoratidan yashirib o‘tkazilmoqchi bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi ekspertlarining xulosasiga ko‘ra, topilgan ashyolar eramizdan avvalgi II–I asrlardan XX asrgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Jumladan, 210 dona tanga o‘zbek davlatchiligi tarixida shakllangan turli davlatlarga oid noyob kolleksiya sifatida baholandi. Ularning umumiy qiymati qariyb 400 million so‘mni tashkil qiladi.
Mazkur holat “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ekani sababli, buyumlar dalolatnoma asosida davlat muzeylariga topshirildi. Xususan, 325 dona qadimiy buyum vaqtincha O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi fondiga qabul qilindi.
Davlat bojxona xizmati organlari ushbu kabi noqonuniy urinishlarning oldini olish, xalqimizning bebaho tarixiy merosini asrab-avaylash yo‘lida muntazam choralar ko‘rishda davom etmoqda.








