Erkin Vohidovning “O‘zbegim” she’ri asosida komikslar yaratiladi
Toshkent viloyatida “Raqamli avlod-2025” inklyuziv IT oromgohi bo‘lib o‘tmoqda.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda “Digital Generation Uzbekistan” nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida joriy yil 25–30 avgust kunlari “Raqamli avlod-2025” inklyuziv axborot texnologiyalari oromgohi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan bolalar oromgohida tashkil etildi.
Mazkur loyiha axborot texnologiyalariga qiziquvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish hamda ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.
Bu yilgi oromgohda ishtirokchilar sun’iy intellekt, veb dizayn, digital art (komikslar va milliy kontent), DevOps, Dot net, Flutter, Vue js kabi yo‘nalishlarda mashg‘ulotlar olib borishmoqda. Tajribali mentorlar rahbarligida tashkil etilgan darslar yoshlarning bilimini mustahkamlash va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan.
Oromgohda nafaqat umumta’lim maktablari o‘quvchilari, balki imkoniyati cheklangan yoshlar ham qatnashmoqda. Jumladan, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab va eshitish imkoniyatidan cheklangan bolalar maktab-internatlari o‘quvchilari ham bu loyiha doirasida o‘z bilim va qobiliyatlarini namoyish etishmoqda.
Joriy mavsumda robototexnika bo‘yicha Respublika musobaqasini ham o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, mashhur shoir Erkin Vohidovning “O‘zbegim” she’ri asosida komikslar yaratiladi. Oromgoh davomida turli musobaqalar va davra suhbatlari ham tashkil etilib, yoshlarning fikrlash doirasi kengaytiriladi.
Ma’lumot o‘rnida, “Raqamli avlod” loyihasi 2019 yildan beri muntazam ravishda o‘tkazilib kelinmoqda. Bugungi kunga qadar ushbu loyiha doirasida 30 mingdan ortiq yoshlar qamrab olingan bo‘lib, ular IT sohasining turli yo‘nalishlarida bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.







