O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish yoshi 73,8 dan 75,1 yoshga uzaydi
Prezident sifatli ta’lim, sog‘liqni saqlash va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni eng muhim masala sifatida qayd etdi.

Prezident ta’kidlaganidek, mamlakat taraqqiyoti va kelajak avlod farovonligi, eng avvalo, sifatli ta’lim-tarbiya va aholi salomatligini ta’minlashga chambarchas bog‘liqdir.
So‘nggi sakkiz yil davomida ta’lim tizimida tub o‘zgarishlar amalga oshirilib, xususiy sektor bilan hamkorlikda maktabgacha ta’limdagi o‘rinlar ikki yarim millionga yetkazildi, qamrov esa 78 foizga chiqdi. Yangi maktablar qurilishi va mavjudlarining kengaytirilishi natijasida qo‘shimcha 1 million o‘quvchi o‘rni yaratildi. Zamonaviy darsliklar va ilg‘or pedagogik yondashuvlar asosida ta’lim sifati sezilarli darajada yaxshilandi.
Oliy ta’limda ham katta burilish yuz berdi: qamrov 9 foizdan 42 foizga ko‘tarildi. Bugungi kunda talabalar safining 53 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani, shuningdek, dunyoning nufuzli oliygohlarida 2 mingdan ortiq yoshlarimiz tahsil olayotgani alohida qayd etildi. Shundan 750 nafari “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali davlat hisobidan o‘qishni davom ettirmoqda.
So‘nggi yillarda tibbiyot sohasi uchun ajratilgan mablag‘lar 6 baravar oshirildi, yuqori texnologik tibbiy xizmatlar viloyat va tuman darajasida ham yo‘lga qo‘yildi. Natijada, o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi 73,8 yoshdan 75,1 yoshga uzaydi.
Prezident: “Biz ta’lim-tarbiya va aholi salomatligi uchun, muallim va shifokorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qancha kuch va mablag‘ talab qilinsa, barchasini safarbar etamiz”, – deya ta’kidladi.
Shuningdek, yoshlarning iqtidor va tashabbuslari, ilm-fan hamda sportdagi yutuqlari yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirayotgani alohida qayd etildi. Milliy terma jamoamiz ilk bor Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, 34 yillik orzuni ro‘yobga chiqardi. Talaba yoshlarimiz esa Xalqaro yozgi universiada o‘yinlarida ilk bor TOP-15 talik qatoridan joy oldi.
Yaqinda 19 va 22 yoshli bokschilarimiz Osiyo chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi. Shu maqsadda poytaxtimizda Olimpiya shaharchasi va Futbol akademiyasi barpo etilib, yosh sportchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratildi.







