Rossiyada o‘zbekistonlik erkak noqonuniy migratsiya tashkil etgani uchun qamaldi
U Rossiyada migrantlarga soxta hujjat tayyorlab bergan.

Kamchatkada O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan noqonuniy migratsiyani tashkil etish ishi bo‘yicha sud hukmi chiqarildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u ikki yil davomida vatandoshlariga qalbaki hujjatlar tayyorlab, Rossiya hududida belgilangan muddatdan ortiq qolishlariga yordam bergan.
Ayblanuvchi Moskvadagi pochta bo‘limlarida vatandoshlarining pasportlarini yig‘ib olib, ularga soxta chegara shtamplari bosgan, migratsiya kartalari yasagan va ularni sherigi orqali Petropavlovsk-Kamchatskiy shahriga yetkazgan. Jarayon 2022-yil iyulidan 2024-yil iyunigacha davom etgan.
FSB xodimlari tomonidan Moskvada qo‘lga olingan erkak keyinchalik Kamchatkaga olib kelingan. Uning sherigi allaqachon bir yilga ozodlikdan mahrum etilib, Rossiyadan chiqarib yuborilgan.
Sud majlisida gumonlanuvchi o‘z aybini tan olib, qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirgan. Natijada Petropavlovsk-Kamchatskiy shahar sudi uni bir yil ikki oy muddatga umumiy tartibli koloniyaga qamash to‘g‘risida qaror chiqardi. Hukm hozircha qonuniy kuchga kirmagan.








