“Tramp vafot etdi” degan xabarlar rostmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Prezident haqidagi xabar katta shov-shuvga sabab bo‘lmoqda.

So‘nggi kunlarda AQSh prezidenti Donald Tramp haqida “Tramp vafot etdi” degan xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. X (sobiq Twitter) platformasida ushbu hashtaglar minglab marta yozildi va katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Mish-mishlar, asosan, Trampning 24 soat davomida omma oldida ko‘rinmagani va 30–31-avgust kunlariga hech qanday tadbir belgilamagani ortidan kuchaydi. Trampning sog‘lig‘iga oid xavotirlar ham bunga turtki bo‘ldi. O‘tgan oyda uning qo‘llarida ko‘karishlar paydo bo‘lgani haqidagi tasvirlar tarqalgan edi, biroq shifokorlari bu holatni qo‘l siqishlar va aspirin ichish bilan izohlab, prezidentning umumiy sog‘lig‘i yaxshi ekanini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, vitse-prezident JD Vance’ning 27-avgust kuni bergan intervyusi ham muhokamalarni kuchaytirdi. U Trampning 79 yosh bo‘lishiga qaramay juda faol ishlayotganini aytib, “u kechasi ham eng kech qo‘ng‘iroq qiladigan va ertalab birinchi bo‘lib telefonni qo‘lga oladigan odam,” deya izoh berdi. Ammo uning “kutilmagan voqealar bo‘lishi mumkin” degan jumlasi ijtimoiy tarmoqlarda turli talqinlarga sabab bo‘ldi.
Mish-mishlarga “Simpsons” multseriali ham qo‘shildi. Serial yaratuvchisi Mett Groening San-Diego Comic-Con tadbirida “Tramp vafot etsa, odamlar ko‘chalarda raqs tushadi, ammo prezident Vance raqsga taqiq qo‘yadi” degan hazilomuz gapni aytgan. Serialning o‘tmishda bir nechta voqealarni oldindan aytib bergani haqida gap-so‘zlar bo‘lgani sababli, ushbu izoh “bashorat” sifatida talqin qilindi. Hatto ijtimoiy tarmoqlarda Tramp obrazidagi qahramon yiqilib tushadigan “montaj qilingan” video ham tarqaldi.
Trampning bo'sh kun tartibi esa shov-shuvni yanada avj oldirdi. #TrumpIsDead va #TrumpDied kabi hashtaglar yuz minglab postlar ostida trendga aylandi. Biroq, Oq uy va prezidentning shifokorlari barcha mish-mishlarni rad etib, Trampning sog‘lig‘i yaxshi ekanini yana bir bor tasdiqladi. Dr. Shon P. Barbabella prezidentning barcha tekshiruvlari sog‘lom chiqqanini, yurak yoki boshqa jiddiy kasallik aniqlanmaganini ma’lum qildi.
Mutaxassislar bu galgi mish-mishlar siyosat va internet madaniyatning birlashishi natijasida juda tez tarqalganini aytishmoqda. Hozircha Trampning sog‘lig‘i bo‘yicha jiddiy xavotirga sabab bo‘ladigan dalil yo‘q.







