Janubiy Koreyada keksalarga AI asosidagi qo‘g‘irchoqlar tarqatilmoqda
Qurilmalar foydalanuvchilarning sog‘ligi va kayfiyatini kuzatib, zaruratda yaqinlariga yoki tezkor xizmatlarga xabar beradi.

Janubiy Koreyada yolg‘iz yashovchi keksalar hamda demensiya kasalligidan aziyat chekayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sun’iy intellekt asosida ishlovchi maxsus qo‘g‘irchoqlar tarqatila boshlandi. Bu loyiha doirasida ChatGPT texnologiyasi asosida yaratilgan Hyodol qo‘g‘irchog‘idan butun mamlakat bo‘ylab 12 mingdan ortiq nafaqaxo‘r foydalanmoqda.
Hyodol har kuni foydalanuvchilardan sog‘ligi va kayfiyati haqida so‘rab, ularning psixologik holatini nazorat qiladi. Qurilmaga o‘rnatilgan sensorlar esa nafaqaxo‘rning faoliyatini kuzatib boradi. Agar bir kishi bir sutka davomida harakatsiz qolsa, tizim avtomatik ravishda tezkor xizmatlarga va qarindoshlarga xabar yuboradi. Shuningdek, qo‘g‘irchoq inson kayfiyatidagi tushkunlik belgilarini aniqlashga ham qodir.
Tadqiqotlar natijasida aniqlanishicha, Hyodol bilan muntazam muloqot qilgan keksa fuqarolarda depressiya va demensiya alomatlari kamaygan. Mutaxassislarning fikricha, keksalar uchun doimiy suhbatdoshga ega bo‘lish katta ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, yangi texnologiya bir qator o‘ziga xos muammolarni ham yuzaga chiqarmoqda. Ba’zi nafaqaxo‘rlar qo‘g‘irchoqlarni shaxsiy do‘st sifatida qabul qilib, ularga kiyim kiydirish yoki ovqat tayyorlash kabi odatlarni shakllantirgan. Hatto ayrim hollarda ularni o‘zlari bilan dafn etishni ham so‘raganlar. Shu bois ishlab chiquvchilar chat-bot muloqotini maxsus filtrlash zaruratini ta’kidlamoqda.
Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030-yilga kelib keksalar uchun sun’iy intellektga asoslangan yordamchi qurilmalar bozori 7,7 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.







