Toshkent maktablarida 10–11-sinflar uchun maxsus kuzatuv kameralar o‘rnatiladi
Sun’iy intellekt yordamida o‘quvchilar davomati va ruhiy holati tahlil qilinishi rejalashtirilgan.

Toshkent shahridagi barcha umumta’lim maktablarida 10 va 11-sinf o‘quvchilarini nazorat qilish maqsadida maxsus kuzatuv kameralarini o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimining yangi qarorida ma’lum qilindi.
Loyiha dastlab sinov tariqasida Olmazor tumanidagi 31 ta maktabning 250 ta sinfida ishga tushiriladi. “Smart School” nomli elektron tizim orqali o‘quv jarayonini kuzatish, darslarga qatnashish holatini aniqlash va ta’lim sifatini oshirish maqsad qilingan.
Kameralar yordamida nafaqat davomati nazorat qilinadi, balki o‘quvchilarning ruhiy holati sun’iy intellekt orqali tahlil qilinadi. Shuningdek, ularning turli fanlarga bo‘lgan qiziqishi hamda o‘qituvchilarning pedagogik mahorati baholab boriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kamera o‘rnatish ishlari tuman mahalliy byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi. Tashabbus Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati va ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan ilgari surilgan.







