Toshkentda maktablar oldidagi yo‘llar bir tomonlama harakat tartibiga o‘tkaziladi
Tashabbus yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish va o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

Toshkent shahrida yangi o‘quv yilidan boshlab ichki mahallalarda joylashgan maktablar atrofidagi yo‘llar bir tomonlama tartibga o‘tkaziladi. Ushbu chora-tadbir poytaxtda yo‘l-transport hodisalari xavfini kamaytirish hamda o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy etilmoqda.
Toshkent shahar IIBB matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganovning ma’lum qilishicha, zarur yo‘l belgilari o‘rnatish ishlari boshlangan. Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi haydovchilar va poytaxt mehmonlarini mazkur hududlarda harakatlanishda yangi tartib-qoidalarga qat’iy rioya etishga chaqirmoqda.








