Tramp: Ikki tomonlama uchrashuv boʻladimi, bilmayman, lekin uch tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtadi
AQSh prezidenti Rossiya-Ukraina urushiga barham berish o‘zining saylovoldi va’dalaridan biri ekanini eslatdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilishi borasida ishonch bildirdi. Unga ko‘ra, AQSh, Rossiya va Ukraina ishtirokida muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Tramp shu bilan birga Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lishi masalasi hozircha noma’lumligini ta’kidladi.
“Uch tomonlama uchrashuv bo‘ladi. Ikki tomonlama bo‘ladimi — bilmayman, lekin uch tomonlama uchrashuv bo‘ladi. Ba’zida odamlar bunga tayyor bo‘lmaydi”, — dedi AQSh prezidenti.
Tramp vaziyatni o‘xshatish orqali izohlab, tomonlarning to‘qnashuvlari uzoq davom etishi mumkinligini, biroq vaqt o‘tishi bilan muzokara orqali to‘xtashga majbur bo‘lishlarini qayd etdi.
Ma’lumki, Rossiya-Ukraina urushiga barham berish Donald Trampning saylovoldi va’dalaridan biridir. Shu maqsadda AQSh ma’muriyati fevral oyidan buyon Moskva va Kiyev bilan alohida muzokaralar olib bormoqda, ammo hozircha sezilarli natijaga erishilgani yo‘q.







