Buxoro va Namanganda internet-firibgarlar qo‘lga tushdi
Firibgarlar sovrin va yutuq va’dasi, shuningdek SMS-kod orqali 8,7 mln so‘mni qo‘lga kiritgan.

Buxoro viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan internet orqali sodir etilgan firibgarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 24-iyul kuni G‘ijduvon tumanida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, noma’lum shaxs uni aldab 4 million 175 ming so‘m pulini olganini bildirgan. Tergov natijalariga ko‘ra, jinoyatchi jabrlanuvchiga “yutuq yutib olganini” aytib, uni yetkazib berish uchun pul talab qilgan. Jabrlanuvchi ishonib, ko‘rsatilgan mablag‘ni yuborgan. Olib borilgan tezkor surishtiruv chog‘ida ushbu firibgarlikni 2003-yilda tug‘ilgan Qashqadaryo viloyati fuqarosi sodir etgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida yashovchi fuqaro ham huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. U bank plastik kartasidan 4 million 700 ming so‘m mablag‘i noqonuniy o‘tkazib yuborilganini aytgan. Tekshiruv davomida 2005-yilda tug‘ilgan Toshkent viloyati fuqarosi jabrlanuvchining SMS-xabaridan maxfiy kodni qo‘lga kiritib, ushbu mablag‘larni firibgarlik yo‘li bilan egallagani aniqlangan.
Har ikkala holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Aybdorlar 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Hozirda ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi ham tekshirilmoqda.







