O‘zbek-qirg‘iz chegarasida ikki nafar qirg‘izistonlik fuqaro halok bo‘ldi
Chegarachilarning qonuniy talablarini bajarmagan shaxslarga nisbatan o‘qotar qurol qo‘llanilgan.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida ikki nafar Qirg‘iziston fuqarosi halok bo‘ldi. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, voqea chegarachilar tomonidan fuqarolarni qo‘lga olish chog‘ida sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, shaxslar o‘zbek chegarachilarining qonuniy talablariga bo‘ysunmagan va bunga javoban o‘qotar qurol qo‘llanilgan. Oqibatda ular og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida halok bo‘lgan.
31-avgust kuni marhumlarning qarindoshlari ularni tanib olish uchun O‘zbekistonga yetib borgan. Keyinchalik jasadlar sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazish maqsadida Qirg‘iziston tomoniga topshirilgan. Shuningdek, voqea joyidan topilgan mol-mulk, jumladan uchta ot va chodir ham Qirg‘iziston tomoniga qaytarilishi bildirilgan.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ushbu hodisa yuzasidan rasmiy tekshiruv o‘tkazilishini va jarayon O‘zbekiston bilan hamkorlikda olib borilishini ma’lum qildi. Tekshiruv natijalari jamoatchilikka e’lon qilinishi rejalashtirilgan.







