Shavkat Mirziyoyev maktab o‘quvchilari va ustozlarni yangi o‘quv yili bilan tabrikladi
Davlatimiz rahbari ilk bor maktabga qadam qo‘yayotgan 720 mingdan ortiq o‘g‘il-qizlarni alohida muborakbod etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizdagi barcha o‘quvchilar, ustoz va murabbiylar, shuningdek, ota-onalarni Mustaqilligimizning 34 yilligi bilan hamohang tarzda nishonlanayotgan “Bilimlar kuni” hamda yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan samimiy tabrikladi.
Davlat rahbari ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘yayotgan 720 mingdan ortiq o‘g‘il-qizlarimizni alohida muborakbod etdi va ularga eng ezgu tilaklarini bildirdi.
Prezident ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda mamlakatimiz maktablarining qiyofasi tubdan yangilanib, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda, yangi o‘quv maskanlari barpo etilmoqda. Ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar natijasida maktablar jamiyat hayotida muhim o‘rin egallab bormoqda.
Shavkat Mirziyoyev o‘z murojaatida ta’lim jarayonida ustoz-murabbiylar fidoyiligi va o‘quvchi-yoshlarning izlanishi yuksak natijalar berayotganini qayd etib, maktabni “mujiza va bebaho xazina” deya ta’rifladi. Davlat rahbari azmu shijoat bilan ilm olish, maqsad sari intilish yosh avlodni albatta yutuq va zafarlarga eltishini ta’kidladi.







