Suriya 14 yildan keyin ilk bor neft eksport qildi
Energetika vazirligi bu eksport mamlakat ichki ehtiyojlaridan oshib ketgan neft hisobidan amalga oshirilganini bildirgan.

Suriya 14 yillik tanaffusdan so‘ng ilk marta rasmiy neft eksportini amalga oshirdi. Tartus portidan 600 ming barrel xom neft Nissos Christiana tankeriga yuklanib, xalqaro savdo kompaniyasi B Serve Energy'ga jo‘natildi. Rasmiylar bu jo‘natmani mamlakatning energetika infratuzilmasini sinovdan o‘tkazuvchi muhim jarayon sifatida baholamoqda.
Energetika vazirligi vakili Riyod al-Jubasining ma’lum qilishicha, bu eksport mamlakat ichki ehtiyojlaridan oshib ketgan neft hisobidan amalga oshirilgan. Neftning asosiy qismi Suriyaning bir nechta konlaridan qazib olinib, Baniyas va Homs zavodlarida qayta ishlangan.
Suriya neft transport kompaniyasi rahbari Maan Pashaning ta’kidlashicha, eksportning qayta yo‘lga qo‘yilishi urush va sanksiyalar tufayli izdan chiqqan sohada muhim burilish bo‘lishi mumkin. Uning aytishicha, bu jo‘natma transport va port infratuzilmasining qay darajada ishlashini aniqlashga ham xizmat qiladi.
2011-yilga qadar Suriya kuniga o‘rtacha 380 ming barrel neft eksport qilgan. Ammo fuqarolar urushi va xalqaro sanksiyalar natijasida soha izdan chiqib, eksport deyarli to‘xtab qolgan edi.







