Buxoroda 13 mlrd so‘mlik mol-mulk solig‘i bekor qilindi
Tekshiruvlar davomida hisoblangan soliq miqdori qonunga zid ekani aniqlangan.

Buxoro shahrida faoliyat yuritayotgan “Kelajak” MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) soliq tekshiruvlari yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Biznes-ombudsman devoniga murojaat qildi. Tekshiruv davomida aniqlanishicha, qurilish muddati cho‘zilgan obyekt uchun 2023-yilga 6,4 milliard so‘m, 2024-yilga esa 6,7 milliard so‘m, jami 13,1 milliard so‘mlik mol-mulk solig‘i hisoblangan.
Ammo murojaatni o‘rganish chog‘ida obyektning foydalanishga topshirilish muddati tegishli organlar tomonidan 2026-yil dekabr oyigacha uzaytirilgani ma’lum bo‘ldi. Bu esa hisoblangan soliq miqdorining qonunga zid ekanini ko‘rsatdi.
Soliq kodeksining 411-moddasiga ko‘ra, qurilishi hali tugallanmagan obyektlar, agar ularning muddati rasmiy hujjatlarda ko‘rsatilgan bo‘lsa yoki ruxsatnoma olingan sanadan boshlab 24 oy ichida tugallanmagan bo‘lsa, mol-mulk solig‘iga tortiladi. Mazkur holatda esa qurilishning yangi muddati tasdiqlangani sababli obyekt soliq solish bazasiga kiritilmaydi.
Biznes-ombudsman devoni ushbu xulosa asosida “Kelajak” MCHJ zimmasiga yuklangan 13 milliard 165 million so‘mlik soliq majburiyati bekor qilinganini ma’lum qildi.







