“Eshiklaringizni oching” – universitet rektori talabalar uchun murojaat qildi
Sherzodxon Qudratxo‘ja Toshkent aholisi nomiga murojaat qilib, yotoqxonasiz qolgan viloyat talabalariga yordam berishga chaqirdi.

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja poytaxt aholisi nomiga murojaat qilib, yotoqxona masalasi sababli turarjoysiz qolayotgan viloyatlik talabalarga yordam qo‘lini cho‘zishga chorlagan.
Rektorning ta’kidlashicha, Toshkentdagi oliy ta’lim muassasalarining barchasi ham talabalarning uy-joy bilan ta’minlanishi masalasini to‘liq hal qila olmaydi. Shu bois, bu muammo yil sayin dolzarbligicha qolmoqda.
“Hurmatli yurtdoshlar, agar uyingizda bo‘sh xona yoki imkoniyatlaringiz bo‘lsa, yotoqxonasiz qolgan talabalarni qabul qiling. Ular bilan birga xonadoningizga ilm va ma’rifat kiradi”, — deya ta’kidlaydi Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘zining rasmiy murojaatida.
Uning qayd etishicha, o‘zi ham talabalik yillarida qiyinchilikka duch kelgan va hozirda ikki nafar boshpanasiz talabani shaxsan o‘z uyida joylashtirgan.
Rektor murojaatida mehr-oqibat, hamjihatlik va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni jamiyat taraqqiyoti uchun eng muhim qadriyat sifatida ko‘rsatdi.







