Firibgarlikda ayblangan uch nafar o‘zbekistonlik Turkiyadan deportatsiya qilindi
Istanbuldagi Bosh konsulxona jabrlangan fuqarolardan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishni so‘ramoqda.

Turkiya va O‘zbekiston ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida firibgarlikda ayblanib, qidiruvga berilgan uch nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olindi va vatanga deportatsiya qilindi. Bu haqda Istanbuldagi Bosh konsulxona xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, ushlanganlar orasida 1982-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan M.A., 1992-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan Sh.B., hamda 1970-yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan G.M. bor. Ular Toshkentga olib kelingan.
Konsulxona ushbu shaxslarning noqonuniy faoliyatidan zarar ko‘rgan fuqarolarga O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga yoki Bosh konsulxonaga murojaat qilishni tavsiya qildi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi paytlarda firibgarlik bilan bog‘liq murojaatlar soni ortib bormoqda. Konsulxona vatandoshlarni hushyor bo‘lishga, shubhali takliflarga ishonmaslikka va qonuniy manbalardan foydalanishga chaqirdi.







