Oʻzbekistonda uy-joy sotib olishda keshbek joriy etilishi mumkin
Uy-joylarning faqat 10 foizi QQS bilan rasmiy xarid qilinmoqda. Qolgan 90 foizi soliqqsiz sotilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda uy-joy xarid qilish jarayonida keshbek tizimini joriy etish masalasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda 29-avgust kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan qurilish sohasi vakillari bilan tashkil etilgan ochiq muloqot chog‘ida ma’lum qilindi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning aytishicha, hozirda uy-joylarning atigi 10 foizi QQS bilan sotilmoqda, qolgan 90 foizi esa soliqsiz aylanmoqda. U keshbek mexanizmi joriy qilinsa, xaridorlar hujjatlar asosida uy-joy xarid qilishi va bozorni yanada shaffoflashtirishga hissa qo‘shishini ta’kidladi.
“Jismoniy shaxslar uchun 4-5 foizlik keshbek tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikrlar bor. Bu orqali xaridorlar bitim summasining 5-6 foizi miqdorida keshbek olish uchun hisobvaraq-faktura talab qilishga o‘rganadi”, — dedi Vahobov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sohada yashirin iqtisodiy faoliyat hajmi 97 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Shuningdek, yashirilgan soliqlar 1,2 trillion so‘m, talon-toroj qilingan mablag‘lar esa 203 milliard so‘mni tashkil etishi qayd etilgan.







