Namanganda fuqaro IIB binosida qiynoqqa solingani aytilmoqda
Jabrlanuvchi uch nafar xodim uni dubinka va elektroshoker bilan kaltaklaganini da’vo qilmoqda, rasmiylar esa izoh bermadi.

Namangan shahrida ichki ishlar bo‘limi binosida fuqaro qiynoqqa solingani haqida xabar tarqaldi. Inson huquqlari bo‘yicha “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov bu haqda o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, 2025-yil 14-avgust kuni Abdulahad O‘rmonov ismli fuqaro ikki kun davomida ichki ishlar xodimlari tomonidan kaltaklanib, og‘ir tan jarohatlari olgan.
Jabrlanuvchining aytishicha, uni uch nafar xodim ichkaridagi kamera yo‘q joyga olib kirib, navbat bilan polga uloqtirgan, dubinka va elektroshoker bilan qiynagan. “Nafasim bo‘g‘ildi, ichim ezilib ketdi. Boshqa xonada ham qiynashdi, hattoki suv so‘raganimda ham rad etishdi”, — deydi u. Sudda unga qo‘yilgan “mayda bezorilik” ayblovi rad etilgan.
Abdulahad O‘rmonovning onasi Osiyo Bo‘taboyeva ham farzandining uzoq vaqtdan beri mahalladagi profilaktika inspektori bilan kelishmovchiliklari bo‘lganini aytmoqda. “O‘g‘lim sog‘lom edi, bir kunda nogiron qilib qo‘yishdi. Qovurg‘alari singan, jigari va oshqozon osti bezi ezilgan, o‘pkasi teshilgan, qora talog‘i olib tashlangan”, — deydi u.
Mazkur holat bo‘yicha dastlab ichki ishlar bo‘limi tergov boshlagan, keyinroq esa ish Namangan shahar prokuraturasiga o‘tkazilgan. Bosh prokuratura va IIV matbuot xizmati holat yuzasidan hozircha rasmiy izoh bermadi.







