O‘zbekiston va Xitoy geologiya bo‘yicha 13 ta yangi loyihani boshlaydi
5 mlrd dollarlik hamkorlik kelishuvi energetika xomashyosi va strategik minerallarni qamrab oladi.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida energetika xomashyosi, ko‘mir, uran hamda kritik minerallar bo‘yicha yirik hamkorlik loyihalari portfeli shakllantirildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar umumiy qiymati qariyb 5 milliard dollar bo‘lgan 13 ta yangi investitsion loyihani amalga oshirishga kelishib oldi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islomov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida, Xitoy bilan hamkorlik yangi istiqbollar ochishini ta’kidladi: “Bu tashrif bizga yangi yo‘nalishlarni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish imkonini beradi”, — dedi u.
Ma’lum qilinishicha, 2-sentabr kuni Pekinda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy raisi Si Szinpin o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda energetika, geologiya, qishloq xo‘jaligi, kimyo, transport va turizm sohalarida hamkorlik loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Avval xabar qilingandek, O‘zbekiston va Xitoyning China National Nuclear Corporation (CNNC) kompaniyasi o‘rtasida uran sanoatida strategik hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hozirda kichik modulli yadroviy reaktorlarni joriy etish, uran qazib olish va uni qayta ishlash loyihalari ustida ishlar davom etmoqda.







