Toshkentda turizm ko‘chalari uchun maxsus tungi avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
Dastlabki bosqichda avtobuslar har yarim soatda, 15 ta yo‘nalishda ishga tushiriladi.

Toshkent shahrida turizm ko‘chalarini bog‘laydigan maxsus tungi avtobus yo‘nalishlari tashkil etiladi. Poytaxt hokimligi qabul qilgan qarorga ko‘ra, avtobuslar tungi soat 22:00 dan ertalab 06:00 gacha harakatlanib, aeroportlar, temiryo‘l vokzallari, metro bekatlari, savdo va ko‘ngilochar markazlar, yirik dehqon bozorlar, talabalar yotoqxonalari va shifoxonalarni qamrab oladi.
Yangi yo‘nalishlardagi avtobuslar zamonaviy talablar asosida jihozlanadi. Har bir avtobus konditsioner, bepul Wi-Fi, videokuzatuv tizimi bilan ta’minlanadi va imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun moslashtiriladi. Yo‘lkira narxi esa shahar ichidagi odatiy avtobus yo‘nalishlaridagi tarif bilan bir xil bo‘ladi.
Poytaxt Transport boshqarmasi vakili Olloyor Norbutaevning ma’lum qilishicha, dastlab ikki bosqichda 15 ta yo‘nalish ishga tushiriladi. Avtobuslar har yarim soatda qatnaydi. Shuningdek, maxsus avtobuslar qizil rangga bo‘yaladi va yo‘nalish raqamlari “T1”, “T2” kabi “Tungi avtobus” belgisi bilan ajratiladi.
Hokimlik hisob-kitoblariga ko‘ra, loyiha bo‘yicha jami 54 ta avtobus yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. Dastlabki yillarda ushbu tizimdan tushadigan daromadlar qoplanmasa-da, taxminan 33 milliard so‘mlik xarajat mahalliy byudjetdan qoplanadi.







