16 yoshdan kichik bo'lganlarga energetik ichimliklar taqiqlanishi mumkin
Buyuk Britaniya hukumati bolalar sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida yangi qonun tashabbusi bilan chiqdi.

Buyuk Britaniyada 16 yoshdan kichiklarga energetik ichimliklar sotilishi taqiqlanishi rejalashtirilmoqda. Taqiq Red Bull, Monster, Prime kabi yuqori kofeinli ichimliklarga taalluqli bo‘lib, do‘konlar, restoranlar, kafelar, savdo avtomatlari hamda internet orqali savdoga ham tatbiq etiladi.
Sog‘liqni saqlash vaziri Ues Stritingning ta’kidlashicha, bolalar ko‘pincha energiya ichimliklarini ortiqcha iste’mol qilmoqda va bu ularning uyqusi, diqqatini jamlash qobiliyati hamda umumiy sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Tadqiqotlarga ko‘ra, mamlakatda 13–16 yoshli o‘quvchilarning uchdan biri muntazam ravishda bunday ichimliklarni iste’mol qiladi.
Yangi qonun loyihasi bo‘yicha 12 hafta davomida mutaxassislar, jamoatchilik, chakana savdo tarmoqlari va ishlab chiqaruvchilardan fikr-mulohazalar yig‘iladi. Mutasaddilar taqiq kuchga kirsa, u minglab bolalarda semirish, uyqusizlik va bezovtalikning oldini olishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.
Sog‘liq mutaxassislari bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, energetik ichimliklar bolalar salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirayotganini qayd etmoqda. Yirik supermarketlarning aksariyati allaqachon bunday ichimliklarni o‘z ixtiyori bilan voyaga yetmaganlarga sotishni to‘xtatgan.







