2027-yilgacha 278 million bola ta'limsiz qolishi mumkin
Eng katta xavf G‘arbiy va Markaziy Afrikada (1,9 mln bola) va Yaqin Sharq hamda Shimoliy Afrikada (1,4 mln bola) kuzatilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) tomonidan e’lon qilingan yangi hisobotga ko‘ra, 2027-yilga kelib dunyo bo‘yicha maktabga bormagan bolalar soni 278 million nafarga yetishi mumkin. Bu 2026-yil oxiriga nisbatan qariyb 6 million bolaga ko‘pdir.
Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, asosiy sabab ta’lim sohasiga yo‘naltiriladigan rasmiy rivojlanish yordami (ODA) hajmining 2023-yilga nisbatan 24 foizga kamayishi bo‘ldi. Xususan, 3,2 milliard dollarlik qisqarishning deyarli 80 foizi uchta donor davlat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Moliyalashtirishning qisqarishi eng avvalo G‘arbiy va Markaziy Afrikaga ta’sir ko‘rsatadi — bu hududda 1,9 million bola ta’limsiz qolish xavfi ostida. Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada esa 1,4 million bolaga qo‘shimcha xavf tug‘ilmoqda, ayniqsa gumanitar inqirozdan aziyat chekayotgan mamlakatlar bundan ko‘proq zarar ko‘radi.
YUNISEF ijrochi direktori Ketrin Rasselning ta’kidlashicha, ta’limdan ajratilgan har bir dollar faqat byudjet qarori emas, balki minglab bolalarning kelajagini belgilaydi. Hisobotda boshlang‘ich ta’lim eng katta zarar ko‘rishi aytilmoqda, chunki moliyalashtirishning qisqarishi bolalarning butun hayoti davomida 164 milliard dollarlik yo‘qotishga olib kelishi mumkin.
Eng katta yo‘qotishlarni Kot-d’Ivuar va Malida kuzatish mumkin — bu davlatlarda moliyalashtirish qisqarishi sababli mos ravishda 340 ming va 180 ming bola ta’limdan chetda qolishi mumkin. Shuningdek, Bangladeshdagi rohinja qochqinlari uchun ta’lim markazlarining yopilishi oqibatida 350 ming bola xavf ostida qolishi ta’kidlangan.
UNICEF xalqaro hamjamiyatni ta’lim dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga, ayniqsa kam rivojlangan mamlakatlarda moliyalashtirishni oshirishga, gumanitar inqiroz sharoitida ta’limni muhofaza qilishga va resurslarni boshlang‘ich hamda asosiy ta’limga yo‘naltirishga chaqirdi.







