Qashqadaryo va Samarqandda DXXga ishga kiritib qo'ymoqchi bo'lganlar ushlandi
Ikki viloyatda o‘zini maxsus xizmat xodimi sifatida tanishtirgan shaxslar katta miqdorda pul olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida yashovchi, 1988-yilda tug‘ilgan shaxs o‘zini Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimi sifatida tanishtirib, fuqaroni ishga joylashtirishni va’da qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, u 1997-yilda tug‘ilgan yigitni “maxsus xizmatlarga ishga kiritib qo‘yaman” deb va’da bergan va 2024-yil sentabridan 2025-yil iyunigacha bo‘lgan vaqt ichida undan jami 30 ming AQSh dollari va 510 million so‘m pul olgan. Shuningdek, uning qarindoshini Qurolli Kuchlar akademiyasiga o‘qishga joylashtirish evaziga 10 ming dollar talab qilib, shundan 4 ming dollarni qo‘lga kiritgan.
DXX va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida Qarshi shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda firibgar yana 2 ming dollar olayotganida qo‘lga olingan. Unga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida esa 1961-yilda tug‘ilgan shaxs boshqa bir fuqaroni DXX idoralariga ishga joylashtirishni va’da qilib, 7 ming dollar olayotganida qo‘lga tushgan. Unga ham jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.







