Kitob oʻqiganlarning jazosini 30 kungacha kamaytiradigan qonun tasdiqlandi
Umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganlar bu huquqdan foydalana olmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisida mahkumlarning jazoni o‘tab chiqish jarayonini yumshatishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, qamoq muddatini qisqartirishning yangi mexanizmi joriy etiladi. Endilikda mahkum tasdiqlangan ro‘yxatdagi kitoblarni o‘qib, ular bo‘yicha imtihondan muvaffaqiyatli o‘tsa, uning jazosi har bir kitob uchun uch sutkaga qisqartirilishi mumkin. Shu bilan birga, umumiy imtiyoz yiliga 30 kundan oshmasligi belgilandi.
Kitoblar ro‘yxati Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan shakllantiriladi. Ushbu qoida faqat shartli ravishda muddatidan oldin ozodlikka chiqish huquqiga ega bo‘lgan mahkumlarga tatbiq etiladi. Umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganlar esa ushbu imtiyozdan foydalana olmaydi.
Mazkur qonun Prezident tomonidan imzolanganidan so‘ng kuchga kiradi. O‘zgarishlar amalda qo‘llanilgach, ular 13,5 mingdan ortiq mahkumning huquqiy maqomiga ta’sir etishi kutilmoqda.
Senatorlar qayd etishicha, mazkur mexanizm nafaqat mahkumlarning ijtimoiy-axloqiy saviyasini oshirish, balki ularni jamiyatga qayta integratsiya qilishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.







