Namanganda fuqaro qiynoqqa solinishi ortidan inspektor ishdan olindi
Jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Namangan shahrida ichki ishlar xodimlari tomonidan fuqaro qiynoqqa solingani holati bo‘yicha Ombudsman tekshiruv o‘tkazdi. Natijada Chust tumani IIB profilaktika inspektori mayor D.B. xizmat intizomini qo‘pol buzganlik va vazifasiga bepisandlik bilan yondashgani uchun lavozimidan ozod qilindi.
Abdurahmon Tashanovning ma’lumotiga ko‘ra, 14-avgust kuni 31 yoshli Abdulahad O‘rmanov ichki ishlar xodimlari tomonidan ikki kun davomida qiynoqqa solingan. Jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan, advokati esa uning qo‘l va tanasidagi jarohatlar aks etgan fotosuratlarni taqdim qilgan.
Jabrlanuvchi “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida 3–4 nafar xodim uni ichkariga olib kirib, beton polga tashlagani, dubinka va elektroshok bilan qiynagani, navbatma-navbat ko‘tarib polga urganini aytgan. Onasining so‘zlariga ko‘ra, u bir kunda nogiron bo‘lib qolgan — qovurg‘alari singan, ichki a’zolariga jiddiy shikast yetgan, qora talog‘i olib tashlangan.
Namangan viloyati IIB rasmiy bayonotida fuqaro dastlab oilaviy nizodan so‘ng profilaktik suhbat uchun olib kelingani va o‘sha kuni uyiga ruxsat berilgani bildirilgan. Ammo ikki kundan keyin uning sog‘ligi keskin yomonlashgan. Voqea Ombudsman nazoratiga olingan.







