Namanganda fuqaroga nisbatan zo‘ravonlik qilgan inspektor ishdan bo‘shatildi
IIV Namanganda fuqaroning qiynoqqa solingani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Ichki ishlar vazirligi Namanganda fuqaroga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llanilgani haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 14-avgust kuni Namangan shahrida yashovchi 34 yoshli O.A. oilaviy kelishmovchilik sabab ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan. U bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, o‘sha kuni uyiga javob berilgan.
Biroq ikki kundan keyin, 16-avgust kuni fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashgani bois u tibbiy muassasaga murojaat qilgan. Ushbu holat Ombudsman vakillari tomonidan ham o‘rganilib, Namangan viloyati IIB hamda shahar prokuraturasiga taqdimnoma kiritilgan.
Tekshiruvlar davomida Chust tuman IIB profilaktika inspektori, mayor D.B. xizmat vazifalarini loqaydlik bilan bajargani, xizmat etikasi qoidalarini qo‘pol buzganligi aniqlanib, u egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Hozirda O.A.ga yetkazilgan tan jarohatlari yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov ishlari olib borilmoqda.







