Putin: Xitoyda AQSh siyosatiga qarshi fikrlar bildirilmadi
Rossiya Prezidenti Trampning “AQShga qarshi til biriktirish” haqidagi bayonotiga izoh berdi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin AQSh rahbari Donald Trampning Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreya oʻrtasida AQShga qarshi “maxfiy til biriktirish” ehtimoli haqidagi bayonotiga munosabat bildirdi.
Pekinda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Rossiya rahbari bu fikrni Trampning hazil tuygʻusining ifodasi sifatida baholadi. “Sizga gʻalati tuyulishi mumkin, biroq so‘nggi to‘rt kun ichida Xitoyda hech kim AQShning amaldagi maʼmuriyati haqida salbiy fikr bildirmadi”, — dedi Putin.
Rossiya Prezidenti qayd etishicha, Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida oʻtkazilgan uchrashuvlarda ishtirok etgan davlat yetakchilarining koʻpchiligi Trampning xalqaro muloqotdagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlagan.
Shuningdek, Putin ikki tomonlama hamkorlik va mintaqaviy xavfsizlik masalalarida Rossiya ochiq va konstruktiv muloqot tarafdori ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, global miqyosdagi murakkab jarayonlarga qaramay, davlatlar oʻrtasidagi ishonchli muloqotni saqlab qolish muhim ahamiyat kasb etadi.







