Rossiya-Ukraina urushida qatnashgan 25 yoshli o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi
Sud hujjatlarida aytilishicha, fuqaro Rossiyada majburlov yo‘li bilan armiyaga jalb etilib, frontga yuborilgan.

Navoiy viloyatida yashovchi 25 yoshli fuqaro xorijiy davlat armiyasi safida urush harakatlarida qatnashgani uchun sud hukmi bilan jazoga tortildi.
Sud materiallariga ko‘ra, 2000-yilda tug‘ilgan mazkur shaxs 2023-yilda ishlash uchun Rossiyaga borgan. Keyinchalik u turli bosim va majburlovlar ostida Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolashga majbur bo‘lib, Ukraina hududidagi qurolli to‘qnashuvlarda qatnashgan.
Fuqaro frontda jarohat olib, davolanganidan so‘ng O‘zbekistonga qaytgan. Lekin qaytganidan keyin uning xorijiy davlatdagi harbiy harakatlarda ishtiroki aniqlanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Navoiy viloyati sudi mazkur shaxsni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bo‘yicha aybli deb topib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.
Mutasaddilar qayd etishicha, oxirgi yillarda bunday holatlar ko‘payib bormoqda. Ukraina ham Rossiya safida o‘zbek fuqarolari soni yuqori ekani haqida bir necha bor bayonot bergan.







