Tramp yaqinda Putin bilan telefon orqali muloqot qiladi
Amerika prezidenti vaziyat kutilganidan murakkab bo‘lib chiqqanini tan oldi.

AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin kunlarda Rossiya Federatsiyasi rahbari Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot o‘tkazishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Davlat rahbari bu haqda Oq uyda Polsha prezidenti Karol Navrotski bilan o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida bayonot berdi.
“Men yaqin orada Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashaman. Bu muloqot davomida mavjud vaziyatni batafsil o‘rganib, keyingi qadamlarni belgilab olamiz. Biz hozirgacha muayyan chora-tadbirlarni ko‘rdik, ammo Putin bilan suhbat jarayonida masalaning barcha jihatlari aniq bo‘ladi”, — dedi Tramp.
Shuningdek, AQSh prezidenti avval Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro yuzasidan “oson hal etilishi mumkin” degan fikr bildirganini eslatib o‘tdi. Biroq uning qayd etishicha, vaziyat kutilganidan ancha murakkab bo‘lib chiqqan.







