Qidiruvdagi bir guruh shaxslar Turkiyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi
Ular odam savdosi va firibgarlikda gumon qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, jinoyat sodir etganlikda gumonlanib, qidiruvda bo‘lgan fuqarolarning bir guruhi Interpol orqali Turkiya hududida qo‘lga olinib, Toshkentga olib kelindi.
Interpolning Toshkent va Anqaradagi Milliy markaziy byurolari hamkorligida o‘tkazilgan qo‘shma tezkor-tergov tadbirlari natijasida odam savdosi, yirik firibgarlik va boshqa og‘ir jinoyatlarda gumon qilinayotgan 6 nafar shaxs aniqlanib, qo‘lga olindi.
Mazkur shaxslar Turkiya jandarmeriyasi hamrohligida Toshkentga yetkazildi va mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlariga topshirildi.
Hozirda ular bo‘yicha dastlabki tergov ishlari davom ettirilmoqda. Yakuniy xulosalardan so‘ng jinoyat ishlari sudga yuboriladi.







