Rossiyada sodir bo‘lgan YTHda uch nafar o‘zbekistonlik yigit halok bo‘ldi
Tataristondagi Zayinsk tumanida Nexia avtomobili qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketib, MAN yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan.

5-sentabr kuni Tataristonning Zayinsk tumanida og‘ir yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Nexia avtomobili noma’lum sababga ko‘ra qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketib, MAN yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.
Zarb shu qadar kuchli bo‘lganki, yengil avtomobil butunlay ezilib ketgan. Oqibatda haydovchi va ikki nafar yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan.
Tatariston prokuraturasi hodisa Naberejniy Chelnы–Olmetyevsk yo‘lining 38-kilometrida sodir bo‘lganini tasdiqladi. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda, prokuratura esa jarayonni o‘z nazoratiga olgan.
O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulxonasi marhumlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari ekanini ma’lum qildi. Konsulxona vakillarining bildirishicha, barcha zarur huquqiy jarayonlar yakunlangach, jasadlar Migratsiya agentligi hisobidan vatanga olib kelinadi.
Halok bo‘lganlarning yoshi mos ravishda 35, 33 va 30 yoshda bo‘lib, ularning barchasi Namangan viloyatidan ekani aytilmoqda.







