Angrenda yirik YTH: qurbonlar borligi ma’lum qilindi
Qurbonlar soni 10 kishidan ortiq ekani aytilmoqda, ammo rasmiy idoralar bu ma’lumotni tasdiqlamagan.

7-sentyabr kuni soat 12:20 atrofida Toshkent viloyati hududidan o‘tuvchi A-373 Toshkent—O‘sh xalqaro avtomobil yo‘lida bir nechta yuk va yengil avtomobillar ishtirokida yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Hodisa aks etgan videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, YTHda neft mahsulotlari ortilgan maxsus yuk avtomobili, sement tashiydigan yuk mashinasi hamda bir necha yengil avtomobillar to‘qnashgan. To‘qnashuv natijasida yong‘in kelib chiqqan, ayrim transport vositalari butunlay yonib ketgan. Videolarda yo‘l chetida halok bo‘lganlar jasadlari ham ko‘ringan.
Rasmiy tasdiqlanmagan manbalarda qurbonlar soni 10 kishidan ortiq ekani aytilmoqda. Hozircha bu ma’lumotga rasmiy idoralar tomonidan aniqlik kiritilmadi.
Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda va hodisa to‘liq nazoratga olingani qayd etildi.
Mazkur YTH oqibatida Toshkent—Ohangaron—Angren—Qo‘qon—Shahrixon—Andijon avtomobil yo‘lining 93–94-kilometrlar oralig‘ida ikki tomonlama tirbandlik yuzaga keldi. “Qamchiqavtoyo‘l” korxonasi ma’lumotiga ko‘ra, harakatni tiklash va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tegishli xizmatlar hozirda ish olib bormoqda.







