AQSh Rossiya fuqarolari uchun viza qoidalarini murakkablashtirdi
Yangi tartibdan so‘ng rossiyaliklar istalgan elchixonada emas, balki faqat belgilangan manzillarda viza olishi mumkin.

AQSh Davlat departamenti Rossiya fuqarolari uchun Amerika vizalariga hujjat topshirish tartibini o‘zgartirdi. 6-sentabr kuni kuchga kirgan yangi qoidalarga ko‘ra, endilikda Rossiya fuqarolari AQShning istalgan diplomatik vakolatxonasiga murojaat qila olmaydi.
Unga ko‘ra, rossiyaliklar faqat ikki manzilda – Qozog‘istonning Ostona shahridagi yoki Polshaning Varshava shahridagi AQSh elchixonalarida hujjat topshirishlari mumkin. Ushbu cheklovlar faqat turistik, talabalar va boshqa noimmigratsion vizalar uchun amal qiladi.
Davlat departamenti talablari bo‘yicha, arizachilar suhbatdan o‘tishi o‘z fuqaroligi yoki doimiy yashash joyi bo‘lgan mamlakatda amalga oshirilishi shart. Rossiyada esa AQSh vizasiga ariza topshirish imkoniyati 2021-yil aprelidan buyon to‘xtatilgan edi. Shu sababli Rossiya fuqarolari so‘nggi yillarda boshqa mamlakatlardagi elchixonalarga murojaat qilib kelgan. Endilikda bu amaliyot cheklab qo‘yildi.
Yangi tartibga ko‘ra, ilgari tayinlangan suhbat sanalari o‘z kuchini saqlab qoladi. Shuningdek, boshqa davlatda yashash huquqiga ega bo‘lgan rossiyaliklar vizaga shu mamlakatda murojaat qilishi mumkin. Boshqa hollarda esa faqat istisno tariqasida – favqulodda gumanitar, tibbiy yoki siyosiy sabablarga ko‘ra boshqa konsulliklarga murojaat qilish ruxsat etiladi.







