Qozog‘iston va O‘zbekiston qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yadi
Mashg‘ulotlar harbiy tayyorgarlikni kuchaytirish, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida harbiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi. Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov tomonidan imzolangan farmonga muvofiq, ikki davlat qo‘shinlari muntazam qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
Harbiy mashqlar quruqlikdagi qo‘shinlar, aviatsiya kuchlari va maxsus texnikalarni jalb etgan holda ikki mamlakat hududida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Mashg‘ulotlar davomida mezbon davlat qonunchiligiga qat’iy amal qilinishi belgilangan.
Tadbirlarning asosiy maqsadi – qo‘shinlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, harbiy tayyorgarlikni oshirish hamda mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashdan iborat.
Mazkur tashabbusni amalga oshirish va mashg‘ulotlarni tashkil etish uchun O‘zbekiston va Qozog‘iston mudofaa vazirliklari mas’ul etib belgilandi.







