Shaxsni tasvirga olish endi faqat rozilik bilan amalga oshiriladi
Qonun loyihasiga ko‘ra, 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ruxsat ota-ona tomonidan beriladi.

O‘zbekiston deputatlari shaxslarning tasvir huquqlarini himoya qilishga qaratilgan yangi qonun loyihasini ko‘rib chiqmoqda. Unda tasvirga olish va undan foydalanish tartiblari aniq belgilab qo‘yilishi nazarda tutilmoqda.
Loyihaga muvofiq, shaxsni tasvirga tushirish yoki uning suratidan foydalanish uchun albatta rozilik olinishi shart bo‘ladi. Agar fuqaro muomalaga layoqatsiz bo‘lsa, bu rozilikni uning qonuniy vakili, vafot etgan taqdirda esa merosxo‘rlari beradi.
Bolalar mustaqil huquq subyekti sifatida tan olinadi. Xususan, 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ruxsat ota-ona tomonidan berilsa, 16 yoshdan keyin bola o‘zi mustaqil qaror qabul qiladi.
Shuningdek, videokuzatuv tizimlari o‘rnatiladigan joylarda fuqarolarni xabardor qilish maqsadida ogohlantiruvchi belgilar majburiy ravishda joylashtirilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu tashabbus shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlash va huquqiy himoyani kuchaytirishga xizmat qiladi.







