“Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tarmog‘i yo‘lga qo‘yiladi
Ta’lim tizimi islohotlari doirasida yangi bog‘chalar, muhandislik maktablari va Avloniy stipendiyasi joriy etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 sentyabr kuni taʼlim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda taʼlimning barcha bo‘g‘inlari izchil rivojlantirilmoqda. Yangi taʼlim maskanlari qurilib va zamonaviy jihozlanib, yoshlarning bilim olishiga barcha sharoit yaratilmoqda. O‘quv dasturlari yangilanib, eng ilg‘or tajribalar joriy etilmoqda.
Lekin bu uzluksiz jarayon. Iqtidorli bolalarga ixtisoslashgan bilim berish, yoshlarning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish doimiy eʼtiborni talab etadi.
Taqdimotda shu boradagi rejalar va ularni amalga oshirish chora-tadbirlari bayon qilindi.
Maʼlumki, maʼnaviy-tarbiyaviy ishlar taʼlimning bir qismi. Ammo hozirda taʼlim muassasalarida bunday tadbirlarga turlicha yondashilib kelinmoqda. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning iqtidori va isteʼdodini yuzaga chiqarishda yaxlit tizim yo‘q.
Shu bois, bolalar bog‘chasidan oliy taʼlimgacha qamrab olgan yagona milliy g‘oya konsepsiyasi ishlab chiqildi. U maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning namunaviy rejasi bo‘ladi. Natijada bunday ishlar tartibli va saviyali tashkil etilib, o‘quvchilar ortiqcha tadbirlarga jalb etilmaydi.
O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning iqtidori va intilishini yuzaga chiqarish bo‘yicha ham yagona vertikal tizim joriy etiladi. Shu maqsadda “Barkamol avlod” bolalar maktabi, Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi hamda “Ëshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati negizida “Kelajak” markazlari tashkil etiladi. O‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinadi.
So‘nggi sakkiz yilda bog‘chalarda o‘rinlar soni 2,5 milliontaga ko‘paytirilib, maktabgacha taʼlim qamrovi 78 foizga yetdi. Bu qamrovni oshirish maqsadida har yili 20 ming o‘rin ochish rejalashtirilgan.
Buning uchun yangi ko‘p qavatli uylar qurilishida ulardagi aholi soniga mutanosib maktabgacha taʼlim tashkiloti ham bo‘lishi nazarda tutiladi. Bog‘chalarda ishlayotgan o‘rta maxsus maʼlumotli mutaxassislar uchun dual taʼlim va malaka oshirish tizimi joriy etiladi.
Maktabgacha taʼlim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda xususiy sektor ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan, bog‘cha va maktablarning bo‘sh maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha taʼlim tashkiloti qurishga ruxsat etiladi. Tadbirkorlarga faoliyatni o‘zgartirmaslik sharti bilan yer uchastkalari bepul beriladi hamda 7 yilgacha bo‘lgan imtiyozli kredit ajratiladi.
2026-2028 yillarda respublikaning 14 ta hududida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbari iqtisodiyot tarmoqlarining hozirgi va kelgusi talabidan kelib chiqib, texnika va muhandislik yo‘nalishlarini rivojlantirish vazifasini qo‘ygan edi. Shunga muvofiq, Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida 14 ta hududda muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Ushbu maktablarga bolalar imtihon asosida saralab olinadi va Davlat byudjeti hisobidan o‘qitiladi. Ularda “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik taʼlim dasturi joriy qilinadi. O‘quv jarayoni 5 yillik dastur asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi.
2026 yildan boshlab, har yili umumtaʼlim maktablari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi o‘tkaziladi.
Shuningdek, tabiiy fanlarni o‘qitishni yaxshilash maqsadida barcha hududlarda ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilinadi. Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi maktab bu yo‘nalishda tayanch maktab sifatida xizmat qiladi.
Toshkent shahrida N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, “ToshTech” texnika universiteti hamda Olmaliq davlat texnika instituti ochiladi.
Yana bir yangilik o‘qituvchilikka mehr qo‘ygan yoshlarni rag‘batlantirishga qaratilgan. Hozirgi kungacha bu sohada alohida davlat stipendiyasi yo‘q edi.
Shu bois, joriy o‘quv yilidan boshlab, pedagogika yo‘nalishidagi oliy taʼlim muassasalarining talabalari uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi taʼsis etilmoqda. Stipendiya bakalavriatning 3-4-kurslari uchun bo‘ladi, yoshlarni o‘qish va ilmiy izlanishlarga undaydi.
Yig‘ilishda fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar taqdimot qilindi.
Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimida ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tartiblari takomillashtiriladi. Jumladan, doktoranturaga ajratilayotgan kvotalar mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib belgilanadi.
Fanlar akademiyasining respublikada istiqbolli ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirish, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy ishlanma natijalarini amaliyotga tatbiq etishdagi o‘rni kuchaytiriladi.
Davlatimiz rahbari bildirilgan takliflarni maʼqullab, tegishli hujjatlarni imzoladi. Ulardagi vazifalar ijrosini tizimli va sifatli taʼminlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.







