“Hozirda 60 mingdan ortiq o‘qituvchi 10-12 million so‘m maosh olyapti”
Shavkat Mirziyoyev ta’limdagi yutuqlar, mukofotlar va rahbarlar o‘zgarishlari ustida alohida to‘xtaldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktabgacha va maktab ta’limi sohasidagi islohotlar ijrosi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Davlat rahbari yig‘ilishda ta’lim va o‘qituvchilarning ahamiyatini alohida ta’kidlab, “Ta’lim, ta’lim, ta’lim, muallim, muallim, muallim” degan so‘zlarni takrorladi.
Yig‘ilishda o‘qituvchilarga munosib sharoit yaratish, bog‘cha va maktablarni zamonaviy jihozlash, xorijdan mutaxassislar jalb qilish, yangi darslik va o‘quv dasturlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shu yil boshidan boshlab, o‘quvchilarimiz xalqaro fan olimpiadalarida 195 ta medal qo‘lga kiritdi. Ularga jami 10 milliard so‘m, murabbiy o‘qituvchilarga esa 3,5 milliard so‘m pul mukofoti berilishi rejalashtirilgan. Xorijiy til egallari jalb qilingan 1 mingdan ortiq maktabda esa sertifikat olgan o‘quvchilar soni bir yil ichida 2,5 barobarga oshdi. Prezident har bir tuman va viloyat rahbarlarining sifatli ta’lim orqali iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shishini ta’kidladi.
O‘tgan davrda o‘qituvchilarning oyligiga 10 dan ortiq ustamalar joriy etilgani qayd etildi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hozirda o‘z ustida ishlagan 60 mingdan ortiq o‘qituvchi 10-12 million so‘m maosh olmoqda. Shu bilan birga, maktab direktorlari, bog‘cha mudiralari va ularning o‘rinbosarlari oyligi ham 10 million so‘mdan oshdi. Yangi baholash tizimi joriy etilgan 1,5 ming maktabning 300 tasi ijobiy natija ko‘rsatgani uchun butun jamoa 40 foizgacha ustama oladi.
Yig‘ilishda shuningdek, Prezident o‘qituvchilar va mutasaddilarning faoliyati bo‘yicha o‘zgarishlar haqida xabar berdi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shoxruh Daliev, o‘rinbosarlar Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzrukhonov lavozimidan ozod etildi. Shu bilan birga, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Adham Xudaykulov boshqa ishga o‘tgani, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabbayev esa lavozimidan ozod etildi. Endilikda maktabgacha va maktab ta’limi hamda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirlari, ularning o‘rinbosarlari va hokimlar prevantiv va proaktiv ish olib borib, ta’limning barcha yo‘nalishlarida katta o‘zgarishlar amalga oshirishlari ko‘rsatib o‘tildi.







