“Men terrorchilar poytaxtiga qadam qo‘ymayman”
Zelenskiy Putinni muzokara uchun Kiyevga taklif qildi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya rahbari Vladimir Putinga muzokaralarni Kiyevda o‘tkazishni taklif etdi. Bu haqda u ABC News telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putinning Moskvada uchrashuv o‘tkazish g‘oyasi vaqtni cho‘zishga qaratilgan.
“Har kuni mamlakatim raketa zarbalari va hujumlarga uchrayotgan bir paytda men Moskvaga bora olmayman. Men terrorchilar poytaxtiga qadam qo‘ymayman”, — dedi Zelenskiy.
Prezidentning taʼkidlashicha, Ukraina Alyaskada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ishtirok etmagani afsuslanarli hol bo‘ldi. Uning fikricha, Putin u yerda AQSH prezidenti Donald Trampdan o‘zi istagan narsalarni olgan. Zelenskiy Kreml rahbari Ukraina bilan muloqotga qiziqmayotganini, aksincha Tramp bilan ko‘rishishni juda ham xohlashini qayd etdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga nisbatan qo‘shimcha bosim zarur. “Ayrim hamkorlarimiz hali ham Rossiya nefti va gazini sotib olishda davom etmoqda. Bu — adolatsizlik. Rossiyaning asosiy quroli — energiya resurslari. Uni to‘xtatishning eng samarali yo‘li — bu manbalarni xarid qilishdan butunlay voz kechish”, — dedi u.
Ukraina rahbari xavfsizlik kafolatlari haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning fikricha, mamlakatning himoyasi faqat armiyasiga tayanilishi mumkin. Zelenskiy Donbassda Ukraina qo‘shinlarining kuchli pozitsiyalari mavjudligini taʼkidlab, Rossiya bu hududni to‘liq egallab olish uchun millionlab qurbon berishi kerak bo‘lishini qayd etdi. Shu bilan birga, u “bufer zona” yaratish rejasi katta xato ekanini, amalda 10–20 kilometrlik “o‘lim zonalari” allaqachon mavjudligini aytdi.
Zelenskiyning taʼkidlashicha, Putin Ukraina bilan uchrashishdan qochayotgani uchun qabul qilib bo‘lmaydigan takliflarni ilgari surmoqda.







