O‘zbekistonda bog‘cha tarbiyachilari uchun “1+5” bakalavr ta’lim shakli joriy qilinadi
Har yili 10 mingdan ortiq oliy ma’lumotli tarbiyachi bog‘chalarga kirib keladi, sifatli ta’lim uchun “Yangi avlod” bog‘chalari yaratiladi.

Joriy yil boshidan boshlab maktabgacha ta’lim tizimini yanada rivojlantirish va bolalar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-sentyabr kuni videoselektor yig‘ilishida yoz mavsumida 118 ming tarbiyachining malakasi oshirilganini qayd etdi, biroq bu yetarli emasligini ta’kidladi. “Qamrovni oshirish uchun barcha sharoit qilib beryapmiz, lekin bog‘chalarga yangi nafas, yangi metodika kirib borishi, tarbiyachilarning salohiyati ham shunga yarasha bo‘lishi kerak,” dedi prezident.
Shu bois, yangi o‘quv yilidan pedagogika oliygohlarida o‘rta maxsus ma’lumotli tarbiyachilar uchun “1+5” (1 kun o‘qish, 5 kun ish) bakalavr ta’lim shakli joriy qilinadi. Bu orqali bog‘chalarga har yili qariyb 10 ming oliy ma’lumotli mutaxassis kirib kelishi kutilmoqda.
Shuningdek, xususiy bog‘cha bilan davlat bog‘chasi uchun ta’lim-tarbiya sifati bo‘yicha yagona yondashuv yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan kelgusi yilda har bir viloyatda bog‘cha tarbiyachilari pedagogik mahoratini oshirishga metodik ko‘maklashuvchi tayanch “Yangi avlod” bog‘chalari barpo qilinadi.
Mutasaddilarga “Yangi avlod” bog‘chasi loyihasini eski va bir xil yondashuvlardan chekinib, yangicha ishlab chiqish topshirildi. Bu orqali bog‘chalarda ta’lim sifati oshishi va tarbiyachilar salohiyati yanada kuchayishi maqsad qilinmoqda.







