O‘zbekistonda ish tashlash huquqi qonuniy asosda belgilanishi mumkin
Senat tashabbusi asosida ishlab chiqilgan loyiha endi keyingi qonunchilik bosqichlaridan o‘tadi.

O‘zbekiston parlamentida mehnat munosabatlariga oid muhim tashabbus ko‘rib chiqilmoqda. Qonunchilik palatasi ilk bor ish tashlash institutini qonuniy tartibga solishga doir qonun loyihasini muhokama qildi.
Mazkur hujjat mehnat kodeksiga ish tashlashni e’lon qilish va uni tashkil etish tartiblarini aniq belgilovchi normalarni kiritishni nazarda tutadi. Unda jarayonni boshlash shartlari, uni kechiktirish, vaqtincha to‘xtatib turish yoki tugatish mexanizmlari, shuningdek, ishchilarning kafolatlari va ayrim holatlarda cheklovlar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha mamlakat qonunchiligini Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalariga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi hamda yillar davomida mavjud bo‘lib kelgan huquqiy bo‘shliqni bartaraf etishi kutilmoqda.
Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq, Senat ham qonun tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan subyekt sifatida mazkur loyihani muhokamaga taqdim etdi. Shu bilan birga, Inson huquqlari bo‘yicha vakil, Markaziy saylov komissiyasi hamda kamida 100 ming saylovchi tashabbus ko‘tarish huquqiga ega ekani ta’kidlandi.
Deputatlar qonun loyihasini ma’qullab, uni belgilangan tartibda keyingi bosqichlarga o‘tkazdilar.







