Taʼlim tizimida ortiqcha tadbirbozlikka chek qo‘yiladi
Maʼlum bo‘lishicha, tadbirlar ko‘pligi o‘quvchilar taʼlim olishiga xalal bermoqda.

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistondagi taʼlim muassasalarida o‘tkazilayotgan ko‘plab tadbirlar nomigagina, doimiy takrorlanadigan tarzda tashkil etiladi. Ularning samaradorligini baholash bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar yo‘q.
Ayniqsa, turli idora va tashkilotlar tomonidan kelishilmagan tadbirlar ko‘pligi o‘quvchilar taʼlim olishiga xalal berib keladi. O‘quvchi-yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, isteʼdodini yuzaga chiqarishda yagona vertikal tizim mavjud emas.
Endilikda mazkur muammolar inobatga olinib, zarurat bo‘lmagan tadbirlar o‘tkazishning oldi olinadi. Buning uchun “Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning namunaviy ish rejasi” ishlab chiqildi.
Mazkur reja asosida bog‘cha va maktablarda tartibli ravishda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar rejali tarzda o‘tkazish yo‘lga qo‘yilmoqda. Boshqa idora va tashkilotlarning umumiy o‘rta taʼlim maktablarida kelishmagan holda tadbirlar o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.







