Vazirlik bilan salkam bir oy sudlashgan o‘qituvchilar yutqazdi
Sud jarayonida ularning daʼvolari asosiz deb topildi.

Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, maʼnaviy ziyon va vakil xarajatlarini undirish bo‘yicha joriy yil 12 avgustda boshlangan sud jarayoni 8 sentyabr kuni yakunlandi. Bu haqida Xalqtaʼliminfo kanali xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, mazkur sud ishi 4 ta sud majlisida muhokama qilingan. Sud attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining daʼvo arizasini asossiz deb topib, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi foydasiga qaror chiqargan.
Maʼlumot uchun, joriy yilning 15 apreldan 14 maygacha pedagog xodimlar uchun attestatsiya test sinovlari bo‘lib o‘tgandi. Mazkur malaka test sinovlarida ishtirok etish uchun 190 mingga yaqin pedagoglar onlayn ariza topshirgan bo‘lib, ularning 177 ming 640 nafari yoki umumiy arizachilarning 95 foizi jarayonlarda qatnashgan.
Umumiy hisobda 73 mingdan ziyod pedagoglar ijobiy natija ko‘rsatgan. Ammo 104 mingga yaqin (58.9%) pedagoglar attestatsiyadan o‘tolmagan.







