Vazirlik xodimi jinsiy aloqa evaziga direktorlik lavozimini taklif qildi
Hozirda u egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ul xodimi qizlarga menejerlik sertifikatini olish va maktab direktori sifatida ishga joylashishda yordam berish evaziga u bilan jinsiy aloqa qilishni taklif qilgani aks etgan audio tarqaldi. Vazirlik matbuot kotibi Dilfuza Sobirova audio'dagi ovoz rostdan ham vazirlik xodimiga tegishli ekanini tasdiqladi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu vaziyat ishtirokchisi bo‘lgan vazirlik xodimi lavozimidan ozod etilgan. “Vazirlik sohaga doir korrupsion holatlar hamda manfaatlar to‘qnashuviga mutlaqo qarshi. Tizimda mehnat qilayotgan barcha xodimlarning kasbiy odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etishi kerak,” deydi Dilfuza Sobirova.
Shuningdek, noqonuniy vaziyatlarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda qat’iy choralar ko‘rilishi ta’minlanadi. Vazirlik bu borada barcha xodimlarga ogohlik berilganini va kelajakda shunday holatlarning oldi olinishi ta’kidlandi.







