Oʻzbekiston Transport vazirligi Zangazur yoʻlagi orqali oʻtadigan multimodal yoʻnalishlarning istiqbollarini baholadi
Yangi multimodal yo‘nalishlar O‘zbekistonni Turkiya va Yevropa bozorlariga bevosita olib chiqishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyo uchun Zangazur yoʻlagi Kaspiy dengizi va Janubiy Kavkaz mamlakatlari portlari orqali Turkiyaga yangi logistika yoʻnalishini ochadi. Kelajakda bu mintaqaviy savdo geografiyasini sezilarli darajada kengaytirib, Yevropa bozorlariga bevosita chiqish imkonini beradi.
Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligining manbasi xabar berdi.
“Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston butun Yevroosiyo makonini qamrab oluvchi yangi quruqlik va multimodal transport yoʻlaklarini yaratish va mavjudlarini modernizatsiya qilish boʻyicha faol amaliy qadamlar tashlamoqda”, - deya taʼkidlanadi manbada.
Manbaga ko‘ra, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston va O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘llarini qurish istiqbolli yo‘nalishlar boʻladi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish zamonaviy multimodal yoʻnalishlar marshrutlarini shakllantirish imkonini beradi va ular quyidagilarni o'z ichiga oladi:
• Sharq-G‘arb: Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmanboshi (Turkmaniston) / Oqtov (Qozog‘iston) – Boku – Zangazur yo‘lagi – Naxchivon – Turkiya – Yevropa;
• Janub-Gʻarb: Hind okeani portlari (Gvadar/Karachi) – Pokiston – Afg‘oniston – O‘zbekiston – Qozog‘iston – Kaspiy dengizi portlari – Ozarbayjon – Zangazur yo‘lagi – Turkiya – Yevropa.
Taxminan 40–44 km uzunlikdagi Zangazur yoʻlagi loyihasi, birinchi navbatda, Armanistonning Syunik (Megri) viloyati orqali Ozarbayjonning asosiy qismi va uning anklavi – Naxchivon Muxtor Respublikasi oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqani taʼminlashga qaratilgan. Loyihaning asosiy maqsadi Ozarbayjonning Naxchivon bilan transport aloqasini uchinchi davlatlar hududiga kirmasdan soddalashtirishdan iborat bo‘lib, bu mintaqa logistika zanjirlarining samaradorligi va ishonchliligini oshiradi.







