Qoraqalpog‘iston va Qashqadaryoda tibbiyot xodimlari pora bilan ushlandi
Firibgarlar ishga joylashtirishni va’da qilib, fuqarolardan pul talab qilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmatining xabar berishicha, ishga joylashtirish bahonasida fuqarolardan pul talab qilib, firibgarlik va korrupsiya bilan shug‘ullangan shaxslar fosh etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan maxsus tezkor tadbir davomida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston bo‘limi xodimi qo‘lga olindi. U fuqaroni ishga joylashtirish evaziga 32 million so‘m olayotganida ushlandi.
Xuddi shunday, Qashqadaryo viloyatida Qarshi tuman tibbiyot birlashmasi kadrlar bo‘limi xodimi ham ichki ishlar organlari va Departament xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. U fuqaro markaziy poliklinikaga ishga joylashtirilishini va’da qilib, 1000 AQSh dollarini olayotgan paytda ushlangan.
Har ikkala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.







